UMRA IBODATI

22 Yan 2018 2982

 

Allohning fazli bilan yurtimizdan haj va umra ibodatiga boruvchilar soni yildan yilga ko‘payib bormoqda. Buning uchun Allohga hamd aytish bilan birga, sharoit yaratib berayotgan hukumatimizga minnatdorchilik bildiramiz. Chunki, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam muborak hadislarida:

 

« مَنْ لَمْ يَشْكُرِ النَّاسَ لَمْ يَشْكُرِ اللَّهَ »

 

«Kim insonlarga shukr ya’ni rahmat aytmas ekan Allohga shukrni ado qilmagan bo‘ladi», deb marhamat qilganlar.

 

Haj borasida yozilgan risola, kitob va maqolalar juda ko‘p. Albatta, bu insonni quvontiradi. Lekin umra ibodati, uni ado qilish va unga taaluqli bo‘lgan masalalarni qisqa qilib yoritib beruvchi maqolaga ko‘zimiz tushmadi. Shuni inobatga olib yurtdoshlarimizga oson bo‘lishi uchun Umra ibodatida qilinadigan amallarni qisqacha bayon qilib o‘tamiz.

 

Umra ibodati uchun borgan odam quyidagilarni qilishi kerak:

  1. Miqotga yetganda g‘usl qilib, poklanib oladi va  ehromni kiyadi.
  2. Umrani qalbi bilan niyat qilib, tili bilan talaffuz qilishi va «Allohumma labbayka Umra», deydi.
  3. Erkak kishi tikilgan narsalarni kiyishdan saqlanadi. (Ayol kishi avratni to‘sadigan kiyim kiysa bo‘ladi. Uni kiyotganda ehromni niyat qiladi).
  4. Ehromni kiygach, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytganlaridek, talbiyani aytadi. Ya’ni «Labbayka Allohumma labbayka» ni aytadi.
  5. Masjidul Haromga yetganda masjid hududi hisoblangan joyga yetib kelgach, o‘ng oyig‘i bilan kirib:

«بِسمِ الله والصلاةُ والسَّلاَمُ عَلَى رَسُولِ اللهِ أَعُوذُ بِاللَّهِ الْعَظِيمِ وَبِوَجْهِهِ الْكَرِيمِ وَسُلْطَانِهِ الْقَدِيمِ مِنَ الشَّيْطَانِ الرَّجِيمِ »

 

«Bismillah! Vas solatu vas salamu ala Rosulillah! A’uzu billahil azim, va bivajhihil karim minasha shaytonir rojim», deydi.

 

  1. Talbiya aytishni to‘xtatib, hajarul asvad tomon borada. Agar birovlarga aziyat bermasdan hajarni o‘pish imkoni bo‘lsa, o‘padi. Agar imkoni bo‘lmasa, ko‘lini yoki hassasini tekkizib tekkizgan narsasini o‘padi. Agar uning ham imkoni bo‘lmasa, qo‘lini ko‘tarib ishora qiladi va «Allohu akbar», deydi. Lekin ishora qilgan qo‘lini o‘pmaydi.
  2. Tavof qilishga kirishishdan oldin tahoratli ekanligiga ishonch hosil qiladi, so‘ng tavof qilishga kirishadi.
  3. Yetti marta tavof qiladi. Har tavofda ruknul yamoniyga kelgach imkoni bo‘lsa, o‘ng qo‘lini unga suradi va «Bismillah Allohu akbar!» deydi, lekin tekkizgan qo‘lini o‘pmaydi. Agar qo‘l tekkizishning imkoni bo‘lmasa, keyingi tavoflarini qilaveradi. Qo‘lini ko‘tarib ishora qilmaydi.
  4. Yetti tavofda har bir tavofni qilganda hajarul asvadga kelgach birovlarga aziyat bermasdan hajarni o‘pish imkoni bo‘lsa, o‘padi. Agar imkoni bo‘lmasa, ko‘lini yoki hassasini tekkizib tekkizgan narsasini o‘padi. Agar uning ham imkoni bo‘lsama, qo‘lini ko‘tarib ishora qiladi va «Allohu akbar», deydi. Lekin ishora qilgan qo‘lini o‘pmaydi.
  5. Tavofning avvalgi uchtasida roml (Polvoncha yurish) qilish erkaklarga mustahab.
  6. Tavof paytida o‘zi yaxshi biladigan va tushunadigan duo va zikrlarni aytadi. Tavof uchun maxsus duo va zikr yo‘q. Ikki ruknni orasida: «Robbana atina fid dunya hasanatan va fil axiroti hasanatan va qina azaban nar» duosini aytadi.
  7. Tavofni tugatgach, Maqomi Ibrohim orqasida ikki rak’at namoz o‘qiydi. Agar Maqom orqasida o‘qish imkoni bo‘lmasa, masjidni xohlagan tomonida ikki rakatni o‘qib oladi.
  8. So‘ng Safoga kelib, Ka’baga qarab,  hamd va takbir aytadi. So‘ng

« لاَ إِلَهَ إِلاَّ اللَّهُ وَحْدَهُ لاَ شَرِيكَ لَهُ لَهُ الْمُلْكُ وَلَهُ الْحَمْدُ وَهُوَ عَلَى كَلِّ شَىْءٍ قَدِيرٌ لاَ إِلَهَ إِلاَّ اللَّهُ وَحْدَهُ أَنْجَزَ وَعْدَهُ وَنَصَرَ عَبْدَهُ وَهَزَمَ الأَحْزَابَ وَحْدَهُ »

 

«La ilaha illallohu vahdahu la sharika lah! Lahul mulk va lahul hamd va huva ala kulli shay’in qodir. La ilaha illollohu vahdahu anjaza va’dahu va nasaro abdahu va hazamal ahzaba vahdahu»ni aytishi mustahab. So‘ng qo‘lini ko‘tarib, duo qiladi.

  1. So‘ng Safodan Marvo tomonga qarab sa’y qiladi. Sa’y qilayotganda maxsus belgiga kelganda erkaklar yuguradi. Marvoga yetib kelganda Safoda qilgan ishini qilib, zikr va duolarni qiladi va Safoga qarab sa’y qiladi. Qaytishda ham muxsus belgi oralig‘ida erkaklar yuguradi.
  2. Sa’y asnosida o‘zi bilgan zikr va duolarni qilish mustahabdir.
  3. Yetti marta sa’y qilib bo‘lgach, sochini qiradi yoki oladi. Qirdirgani afzal.
  4. Ayol kishi esa sochining bir qismidan barmoq miqdorchasini olishi kifoya qiladi.

 

Imkon qadar zam-zam suvidan ko‘proq ichadi va ichganda niyat qilib ichishi mustahabdir.

 

Odilxon qori Yunusxon o‘g‘li