Muzoraba haqida

21 Yan 2018 2055

Muzoraba sarmoya egasi bilan muzoraba ishini yurituvchi (u ishchi yoki muzorib, deyiladi) orasidagi tijoriy shartnoma bo‘lib, muzoraba muddati nihoyasida, biron shartnoma bajarib bo‘lingach yoki biron reja amalga oshirilgach, naqd pul qo‘lga tushsa, sarf-harajatlar qoplanib, qolgan sof foyda muzorib va sarmoya egasi o‘rtasidagi kelishilgan nisbatga ko‘ra taqsimlanadi. Ularning hech biriga ma’lum miqdor belgilab qo‘yilmaydi. Zero muzorabada mol egasining foydasi oldindan ma’lum miqdor bilan belgilab qo‘yilishi muzorabaga ziddir.

Ishchi ijara yollashi yoki qo‘shimcha xodimlarni ishga jalb qilish mumkin. Shuningdek, u muzoraba molini safarga olib chiqishi ham joiz.

Muzoraba shartnomasini ikki yoki undan ortiq sheriklar xohlagan vaqtlarida buzishlari mumkin. Lekin bu haqida boshqa sheriklarini ogohlantirib qo‘yishlari talab etiladi. Ba’zi ulamolar muzoraba shartnomasi imzolanganidan keyin uni buzish mumkin emas, balki ishni oxirigacha olib borish kerak, deganlar.

Muzoraba turlari. Muzoraba mutloq (cheklanmagan) va qaydlangan (chegaralangan) bo‘ladi. Mutloq muzoraba biron qaydlarsiz amalga oshiriladi. Bunda sarmoya egasi molni ishchiga berib, ish, zamon, makon, ishning sifati, ishchining kim bilan muomala qilishini belgilamaydi. Qaydlangan muzorabada esa ayrim qaydlar keltiriladi. Bunda sarmoya egasi molni boshqa shaxsga berar ekan, muayyan mahsulotlar, aniq shahar yoki bozorda, ma’lum vaqt orasida ishlashni belgilab qo‘yadi. Shu sabab sarmoyador odatda foyda keltirishi aniq bo‘lgan mahsulot bilangina savdo qilishini chegaralab qo‘yishi ham mumkin.

Muzorabaning shartlari. Muzoraba to‘g‘ri bo‘lishi uchun unda bir nechta shartlar bo‘lishi kerak. Bular quyidagilar:

– sarmoya savdo mollari emas, balki naqd pul bo‘lishi;

– shartnoma paytida pulning miqdori ma’lum bo‘lishi. Agar sarmoya noma’lum bo‘lsa, sarmoyadan ortgan foydani aniqlab bo‘lmaydi;

– o‘rtadagi foydaning nisbati ma’lum bo‘lishi. Bunda foydaning oz yoki ko‘p bo‘lishidan qat’i nazar sheriklar o‘rtadagi foydadan kimga qancha tegishini belgilab olishlari kerak.

Yuqoridagi shartlardan birining yo‘qolishi bilan shartnoma buziladi.

Muzoraba shartnomasini qayd qilish. Muzoraba shartnomasi xoh ikki, xoh undan ko‘p shaxslar orasida tuzilishidan qat’i nazar u yozilishi, kim qancha pul bilan muzorabaga qo‘shilgani belgilab qo‘yilishi lozim. Bu narsa turli ixtilof, urush-janjallarning oldini oladi. Masalan, Abdulloh 400.000 so‘m, Abdurahmon 300.000 so‘m, Ahmad 350.000 va Obid 250.000 so‘m pul tikib, muzoraba qilsalar, ularning qancha pul qo‘shganlari bir qog‘ozga yozib qo‘yilib, hammalari imzo chekishlari va foyda taqsimlanayotganida o‘sha hujjat yordamida ish tutishlari kerak. Hujjatni yozishga xolis va betaraf odam tayinlanadi.

Muzoraba shartnomasi tuzilganidan keyin ishchi unga amal qilishi kerak. O‘zicha muzoraba molidan biron kishiga qarz berishi, sheriklari bilan maslahatlashmay ehson qilishi, muzoraba moliga boshqani sherik qilishi mumkin emas. Agar sarmoyador bunga ruxsat bergan bo‘lsa, ishni o‘z bilganicha qilaverishga izn bersa, bundan qilish mumkin bo‘ladi.

Muzorabada ko‘rilgan zararni kim qoplaydi? Muzoraba ishidan zarar ko‘rilsa, unda bu ziyon sarmoya egasi sifatidagi bank yoki uning o‘rnidagi boshqa sarmoyadorlarning zimmasida bo‘ladi. Muzoraba ishini yurituvchi esa qilgan ishi, mehnati bilan zarar ko‘rgan hisoblanadi. Ya’ni bunda sarmoya egasi bir tarafda turib, puli bilan ziyon ko‘rsa, ish yurituvchi ikkinchi tarafda turib, o‘z mehnati bilan zarar ko‘radi.

Ishchi molni saqlashda e’tiborsizlik qilsa yoki kelishuv maqsadiga zid ishni amalga oshirsa, muzoraba shartnomasi buziladi. Bunday holda molga talofat yetgan bo‘lsa, sababchi bo‘lgani uchun ziyonni ishchi to‘laydi. Ikki tomondan birining vafoti bilan ham shartnoma buziladi. Agar ishchi mol egasining o‘lganini bilib turib ham merosxo‘rlarning ruxsatisiz oldi-sotdi qilishda davom etsa, zarar qilsa, to‘laydi, foyda ko‘rsa, uni o‘rtada bo‘lishadi. Agar ishchi pulni boshqa shaxsga berib yuborsa, uning zararini ham to‘laydi.

Sarmoyador ishchiga molni faqat naqd pulga sotishni shart qilib qo‘yish huquqiga ega. Shunday bo‘lganda ishchi molni nasiyaga berib, keyin uning pulini ololmasa, zararini ishchi to‘lab beradi.

Muzorabadan olingan foydaning taqsimlanishi. Avval aytib o‘tganimizdek, muzorabada biron ish nihoyasiga yetgach, harajatlar chiqarib tashlanib, sof foyda sarmoya egasi va ishchi o‘rtasida shartnoma shartlariga muvofiq taqsimlanadi. Bu borada o‘zaro rozilik bilan foyda bo‘linadi. Xohlasalar, foydani ikkiga bo‘lishlari mumkin. Bunda aniq miqdor belgilanmaydi, balki sheriklarning o‘zaro roziligi bilan amalga oshiriladi. Agar muzorabada to‘rt kishi ishtirok etsa, masalan, Abdulloh, Abdurahmon, Ahmad va Obidlar muzoraba qilib, ularning har biri 250.000 ming so‘mdan pul tikkan bo‘lsalar, sof foyda o‘rtada teng to‘rtga bo‘linishi mumkin. Agar bir kishi 250.000 so‘m, boshqasi 100.000 so‘m, yana kimdir 300.000 so‘m tikkan bo‘lsa, sheriklarning roziligi bilan ko‘proq pul tikkan shaxs foydadan ko‘proq oladi, kamroq tikkani shunga yarasha kamroq oladi. Bunda mazkur to‘rt sherikning o‘zaro hamjihatligi, bir-biridan roziligi va omonatdorligi muhimdir.

Agar to‘rt kishi muzoraba shartnomasini imzolab, ulardan ikkitasi ham sarmoya tikib, ham ishni o‘zi olib boradigan bo‘lsa, foyda taqsimlanayotganida ham pul tikib, ham ishni bajargani uchun u ikkisining foydasi faqat sarmoya kiritgan qolgan ikki sheriknikidan biroz ko‘proq bo‘lishi adolatdandir.

Agar sheriklardan biri vafot etib qolsa, muzoraba shartnomasi tugatilib, har kimning ulushi ajratiladi va marhumning ulushi uning merosxo‘rlariga beriladi. Agar sheriklar ikkitadan ko‘p bo‘lsalar, vafot etgan shaxsning qo‘shgan puli va foydasi chiqarib tashlanganidan keyin xohlasalar, qolgan sheriklar qaytadan muzoraba shartnomasini tuzishlari mumkin.

Sheriklar o‘z foydalarini o‘zaro kelishmasdan olishlari mumkin emas. Shuningdek, sarmoya to‘ldirilmasidan avval foydadan olinmaydi. Zero avval foyda ko‘rilgani ma’lum bo‘lsagina u taqsimlanadi.

Muzorabada zakot qanday beriladi? Har bir sherik zakotni o‘z ulushi hisobidan va o‘z nomidan beradi. Bir sherik boshqasining nomidan zakot berishi mumkin emas. Eslatib o‘tamiz, sheriklarning hammasi zakotni ado qilishlari lozim. Zero biri zakotni berib, boshqasi farz hisoblangan moliyaviy ibodatdan bosh tortsa, ular o‘rtasidagi sherikchilik tanazzulga, inqirozga yuz tutadi. Zero zakotdan bosh tortish rizqning torayishi, savdo, chorvachilik va dehqonchilikdan baraka hamda rivojning ko‘tarilishiga sabab bo‘ladi.

Muzoraba foydasidan xayriya ishlariga sarflash. Muzoraba ishidan foyda ko‘rilganda sheriklar o‘zaro kelishib, foydaning ma’lum qismini xayriya ishlariga, Alloh yo‘lida sarflashlari yaxshidir. Odatda foydaning 3 %i infoq uchun ishlatishi yaxshi sanaladi. Ammo xohlaganlar o‘z ulushidan olib ko‘proq infoq qilishi afzal sanaladi. Bu har kimning himmatiga bog‘liq. Asosiysi sheriklar o‘rtadagi puldan olinib, ehson qilinayotganini bilishlari va kimga qancha ulush tekkanidan, qancha qismi xayriya ishlariga sarflanayotganidan xabardor bo‘lishlari kerak.

Yana bir muhim narsani eslatib o‘tish lozim. Dinimizda biron xayrli ishni bajarishga nazr qilish joriy qilingan. Masalan, tijorat bilan bog‘lab tushuntiradigan bo‘lsak, bir inson: “Mana shu ishimdan falon so‘m foyda olsam, undan falon miqdorini infoq qilaman”, deb nazr qiladi. Agar u haqiqatan ham o‘ylagan foydani qo‘lga kiritsa, o‘sha miqdorni sadaqa qiladi. Bu ish savdo, tijoratning rivojlanishi, ishning yurishishi uchun asosiy omillardan biri hisoblanadi. Zero Alloh taolo mo‘min bandalari ichidan faqir, miskin va bechorahol kishilarga yaxshilik qilinishi, O‘z yo‘lida boshqa ixtiyoriy infoq-ehsonlar berilishini yaxshi ko‘radi. Qaysi banda xayriya ishlarini bajarishni nazr qilsa, uning ishiga baraka va rivoj ato etiladi. O‘zini bilgan savdogar, tijorat ahli borki, bu omilni e’tibordan chetda qoldirmaydi. Nazrni sheriklardan ba’zilari qilsa yaxshi, ammo to‘rtta sherik – Abdulloh, Abdurahmon, Ahmad va Obidning hammasi nazr qiladigan bo‘lsa, bu sherikchilik tom ma’noda yuksaladi, o‘rtadagi ma’naviy va moliyaviy aloqalar mustahkamlanib, Olamlar Parvardigori Allohning O‘zi bu sheriklarning himoyachisi bo‘ladi. Alloh qaysi bandani yaxshi ko‘rsa, qaysi bandasiga rahmat nazari bilan qarasa, u bandaning dunyoda ham, oxiratda ham najot topishi, ko‘p yutuq va muvaffaqiyatlarga erishishi shubhasizdir.

 

Odilxon qori Yunusxon o‘g‘li