Talaba ilmga muhabbatli bo‘lishi kerak

29 Apr 2017 3103

Abdulatifxon Sultonmahmudov (Abdulatifxon maxdum) namangan shahrida tug‘ilgan. 1952 yili “Mir Arab” madrasasiga o‘qishga kiradi. Madrasani tugatgach, u yerda arab tilidan o‘qituvchi qilib olib qolinadi. 1960–1962 yillari Suriya Davlat universitetining shariat fakultetida tahsil oladi. Qaytgach, diniy nazorat kutubxonasiga ishga kiradi. 1963–1968 yillari “Mir Arab” madrasasida mudarris va ilmiy mudir, 1968–1972 yillarda mudir bo‘lib ishlaydi.
Abdulatifxon maxdum 1973 yil Namanganga qaytib, “Shayx Eshon” jome masjidida (1977–1980), keyinchalik “Maxdum Eshon” masjidida imom-xatib bo‘lib ishlaydi. 1991 yili Namanganda “Mulla Qirg‘iz” (hozirgi “Hidoya”) madrasasi ochilganidan keyin, ko‘p yillar ushbu dargohda tafsir ilmidan dars bergan. Abdulatifxon maxdum hozirda nafaqada, faxriy imom.

 

– Assalomu alaykum, ustoz. Siz uzoq yillardan beri dinimiz rivojiga xizmat qilib kelayotgan fidoyi ulamolardan birisiz. Suhbatimizni dastlab bolaligingiz, ota-onangiz va ilk ustozlaringiz haqlaridagi xotiralaringizdan boshlasak...


– Otamiz men tug‘ilmasimdan oldingi yillardan boshlab Namangan viloyatining Yangiqo‘rg‘on tumanidagi masjidda imom bo‘lganlar. O‘qimishli ayol bo‘lgan onamiz to‘rt farzand bilan uyda qolganlar. U zamonlar bitta non topilsa, tirikchilik uchun kifoya hisoblangan. Juda ham qiyin zamonlar edi. Keyin maktabga kirdim, o‘qidim. Maktabni bitirishga ulgurmay, ishlashga to‘g‘ri keldi. Kosibga shogird tushib, shu hunarni o‘rgandim. Bir oz muddat dehqonchilik qilishga ham to‘g‘ri keldi, biroq bu ishda ham omadim yurishmadi. Keyin zavodga ishga kirdim. O‘sha paytlarda “Buxoroda madrasa ochilibdi”, degan gap tarqaldi. Men buni eshitdimu, o‘sha yerda albatta o‘qishim kerak, degan niyatni qalbimga tugib qo‘ydim. Hujjatlarimni tayyorlab tursam, harbiy xizmatga chaqiruv qog‘ozi keldi. Ukrainaning Odessa viloyatida xizmat qildim. Harbiydan qaytgach, nihoyat madrasaga bordim. 1951–52-yillar edi. O‘shanda 27 yoshli navqiron yigit bo‘lsam-da, “Bismilloh” lafzini ham arabcha yozuvdan o‘qiy olmasdim. Arab imlosidagi ilk savodim ana shu madrasada chiqqan. 
Ilk ustozlarimdan biri diniy idoramiz asoschisi Eshon Boboxon hazratlaridir. Biz u kishini Eshonbuva derdik. Esimda, mad­rasaning birinchi (yoki ikkinchi) kursini tamomlab, yozgi ta’tilga chiqqan kunlarimiz edi. O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasining binosi yo‘qligi sabab, Eshonbuvam o‘z hovlilarini diniy boshqarma uchun bergandilar. O‘sha paytlarda “Baroqxon” madrasasida ko‘zi ojizlar jamiyati joylashgandi. Keyinroq hukumat madrasa binosini diniy nazorat ixtiyoriga bergach, bino tubdan ta’mirlanib, xodimlar u yerga ko‘chib o‘tishdi. Eshonbuvam o‘z hovlilarida qolganlarini eshitdim-u, butun yozgi ta’til davomida u kishining xizmatlarini qilaman, degan qarorga keldim. Namanganga qaytib, bu niyatimni “Maxdum Eshon” jome masjidini ochgan, masjidning birinchi imomi Abdulqayum domlaga aytdim. Domla niyatimni eshitib, xursand bo‘ldilar va o‘zlari moshinada Eshonbuvamning dargohlariga meni olib bordilar. Eshonbuvamning xonadonlari hamisha turli masalalarni hal qilish uchun kelib-ketuvchilar bilan gavjum bo‘lardi. Shunday qilib, men juda noyob fursatni qo‘lga kiritgandim. Yoz bo‘yi Eshonbuvamning xizmatlarida bo‘ldim, u zotdan ikki dunyoyim uchun foydali bilimlar, hayotiy saboqlar oldim. Juda olijanob, keng fikrlaydigan va donishmand odam edilar. Alloh rahmat qilsin.
“Mir Arab” madrasasi mudiri, rahmatli Shahobiddin qori domla haqlarida ham menda yorqin xotiralar qolgan. Shahobiddin domla asli Andijondan edilar, qiroatlari va diniy bilimlari Ismoil maxdum domlaga ma’qul kelib, madrasaga mudir bo‘lganlar.
Ustozlarimdan, Muhammad Amin Oxund domlani ham yaxshi eslayman. Domla asli Marg‘ilondan bo‘lib, Toshkentda yashab, o‘rnashib qolgan taniqli, katta olim edilar. Ancha keksayib qolgan bo‘lsalar ham, biz yoshlarga hech og‘rinmay bilim berishdan charchamasdilar. Darslari qulog‘imizdan kirib, qalbimizga quyilib-o‘rnashib qolardi. 
Yana ko‘plab ustozlardan ham bahra olganmiz, keksachilik, hozir har birlarini nomma-nom sanab bera olmayman, ammo haqlariga duo­da bo‘lishni kanda qilmayman. Hammalarini Alloh taolo rahmatiga olgan bo‘lsin.
Madrasani bitirgach, Suriya Davlat universitetining shariat fakultetida Shayx Muhammad Amin Misriy, Shayx Mustafo Ahmad Zarqo, Hishom Burhoniy kabi Islom olamining ko‘zga ko‘ringan olimlaridan saboq oldik.
Qaytib kelgach, dinimiz, xalqimiz xizmatida bo‘ldim. Xudoga shukr, umrimning ko‘p qismi ta’lim berish bilan o‘tdi, imomlik ham qildim. Endilikda nafaqadaman, elu yurtimiz, dinimiz rivojini so‘rab duo qilib o‘tiraman...


– Farzandlaringiz, nabiralaringiz haqida ham so‘zlab bering: ular orasida sizning yo‘lingizni tanlaganlari ham bormi?


– Allohga shukr, farzand-nabiralarimning hammalari dinimiz ahkomlarini mahkam tutib, salohiyatda o‘sib-ulg‘ayishdi. O‘g‘illarimdan biri Muhammadamin imom-xatib bo‘lib ishlaydi. Nabiram Abdulmajid Toshkent islom institutida ta’lim olmoqda.


– Siz sobiq sho‘rolar tuzumida diniy sohada faoliyat yuritgansiz. O‘sha davrlar bilan hozirgi kunlarni solishtirganda qanday o‘zgarishlar yuz bergan?


– Ha, u zamonlar bilan mustaqillik davrining bir-biridan farqi yer bilan osmoncha. Agar bu kunlarning afzalligi haqida gapiradigan bo‘lsam, suhbatimiz bugun tugamaydi. 
Sho‘ro davrida sanoqligina masjid bo‘lib, ularning ham ko‘pi abgor ahvolda edi, ulug‘ ajdodlarimizning muborak qadamjolari xarobalarga aylanib qolgan edi. Birgina misol, biz talabalik yillarimizda Hazrat Bahouddin Naqshbandning qarovsiz maqbaralarini devor oshib o‘tib, ziyorat qilardik.
To‘g‘ri, o‘sha vaqtdagi diniy rahbarlarimiz qo‘llaridan kelganicha harakat qilishgan, ammo hammaga ma’lum, sho‘ro hukumatining dinga nisbatan qarashi o‘ta yomon edi. O‘shanday sharoitda ham jonini xatarga qo‘yib, dinimiz va millatimiz ravnaqi yo‘lida xizmat qilgan diniy xodimlardan faqat minnatdor bo‘lish, haqlariga duo qilish kerak.
Keyin Alloh taoloning yurtimizga himmati jo‘sh urib, mustaqillik ne’matini berdi. Madrasalar, maqbaralar obod qilindi. Yangi-yangi muhtasham masjidlar bunyod etildi. Bunday ishlar bitta yoki ikkita shaharda emas, butun yurtimiz bo‘yicha amalga oshirildi. Boya aytganimdek, bundoq ne’matlarni sanab tugatolmaysiz. Hozir endi yayrab-yayrab ilm oladigan, bamaylixotir, rohatlanib ibodat qiladigan zamon keldi.


– Ustoz, ta’lim sohasida tajribangiz katta. Talabalarning ilm olishlari uchun ularni ilmga qiziqtirish, har biri bilan alohida shug‘ullanish kerakmi yoki Alloh nasib qilgan bo‘lsa, shundoq ham ilmni o‘zlashtiraveradi, deb hisoblaysizmi?


– Talaba eng oldin nimani va qanday maqsadda o‘rganmoqchiligini aniqlab olishi lozim. Har qanday sohada ilm o‘rganaman degan odamda o‘sha ilmga muhabbat bo‘lishi kerak. Eng muhimi, niyat xolis bo‘lishi zarur. So‘ng maqsadiga yetishish uchun jiddu jahd qilsin. Ana shunda ilm yuqadi. Albatta, ustozning ham bu o‘rinda ahamiyati katta. Umuman, talabalarga, xususan, diniy ilmni o‘rganayotganlarga eski zamon bilan hozirgi kunlarni muqoyasa qilib, shunday yaxshi sharoitlarda ham ilmga beparvo bo‘lish juda katta noshukrlik va ayb ekani haqida bot-bot tushuntirib turilsa, inshoalloh, foydali bo‘ladi.


– Ustoz, mazmunli suhbatingiz uchun tashakkur! Uzoq yillar bizlarga duogo‘y bo‘lib yurishingizni Alloh taolodan so‘raymiz.

 

Namangan shahar bosh imom-xatibi 
Musoxon ABBOSIDDINOV va 
No‘’mon ABDULMAJID 
suhbatlashishdi.
HIDOYAT jurnali 2017 yil 2 son / hidoyat.uz