Savollar va javoblar

 

Mavzu:

G‘ayridinlar kashf qilgan sport turlari bilan shug‘ullansa bo‘ladimi? 21.01.2018

Savol:

Assalom alaykum. Bir masala yuzasidan savolim bor edi: men bir sport turi bilan shug‘ullanyapman. U musulmon bo‘lmagan inson tomonidan kashf qilingan. Gap shundaki, bir hadisni eshitgandim, Payg‘ambarimiz alayhissalom biror-bir inson qaysidir bir qavm amalini bajarsa, bas u o‘sha qavmdandir,degan ekanlar. Bundan chiqadiki, musulmon bo‘lmagan kishilar amalini qilish nojoizmi? Yoki e’tiqodning mustahkamligi kifoyami? Shu holatga imkon qadar izoh bering, iltimos. Oldindan rahmat!

Fiqh 2183

Javob:

Va alaykumus salom. Savolingiz juda o‘rinli. Haqiqatan, hadisi shariflarda musulmon banda g‘ayridinlarga taqlid qilishdan qaytarilgan. Ammo taqlid bilan bir inson kashf qilgan narsadan foydalanish o‘rtasida farq bor. Masalan, bir g‘ayridin odam soch turmagini kashf qildi. Musulmon ana o‘shanga o‘xshab soch turmaklashi, ortidan ergashishi mumkin emas. Sababi musulmonning soch parvarish qilish odobi bor. Bu borada boshqalarga ergashishga, taqlid qilishga hojat yo‘q. Keyin taqlid masalasi asosan e’tiqod, odob-axloq, urf-odoblar bilan bog‘liq. Masalan, musulmon odam o‘zga din vakillari odatlarini qilishi mumkin emas. Bu bilan u o‘zini o‘sha millatga o‘xshatgan bo‘ladi. Biroq, bir g‘ayridin ma’lum bir sport turini kashf qilgan bo‘lsa va u shariatga zid kelmasa, o‘sha sport turib bilan musulmon banda shug‘ullanishi mumkin. Bunda uning sog‘lig‘iga foyda keltirish manfaati bor, biron illat mavjud emas. Ammo o‘sha sport turi bilan shug‘ullanib, “men falonchiga o‘xshamoqchiman”, desa, endi bu narsa ana o‘sha hadisda aytilgan taqlidga kiradi. Balki musulmon banda g‘ayridinlar tomonidan kashf qilingan sport turi bilan shug‘ullanganda, ularga o‘xshashga harakat qilmaydi, balki shariat badantarbiyaga targ‘ib qilganini e’tiborga olib, bu yo‘lda barcha muboh vositalardan foydalanadi.

Musulmon banda bilan g‘ayridinlar o‘rtasidagi aloqa butunlay inkor qilinmaydi. Chunonchi, musulmon banda o‘zga din vakillari tomonidan ishlab chiqarilgan, kashf qilingan halol narsalardan foydalanishi joiz. Masalan, mashina, kiyim-kechak va oziq-ovqat bobida bu ishlarga ruxsat etiladi. Jumladan, Ahli kitoblar (yahudiy va nasroniylar) so‘ygan jonliqlarni yeyish ham musulmon bandaga joizdir. Biron kishi “Mersedes mashinasini g‘ayridinlar ishlab chiqaradi. Musulmon odam uni minishi mumkin emas” yoki “futbol, tennis va shu kabi sport turlarini g‘ayridinlar kashf qilgan. Ular bilan shug‘ullanish harom”, demaydi. Lekin ular o‘ylab topgan turli yomon qiliqlar, asossiz aqida va xurofotlar, jumladan, ommaviy madaniyat deb atalmish chirkin illatlar ketidan ergashish mutlaqo mumkin emas. Demak, taqlid bilan taqlid (manfaat olish, foydalanish) o‘rtasida farq bor. Buni to‘g‘ri tushunib olish kerak.

Keyin, ba’zi sport turlari borki, ular shariatga ziddir. Jumladan, o‘zini qiynashga, tananing zo‘riqishiga, yuz va boshga urib, og‘ir jarohat olishga sabab bo‘ladigan sport turlari bilan shug‘ullanish joiz emas.

Demak, musulmonlarda mavjud bo‘lmagan narsalardan foydalanishda avvalo o‘sha narsaning shariatga to‘g‘ri kelishiga qaraladi. Keyin bu bilan uni ishlab chiqargan yoki kashf qilgan odamga taqlid qilish niyat qilinmaydi. Vallohu a’lam!