Savollar va javoblar

 

Mavzu:

Chapaqaylar haqida nima deyilgan? 08.01.2018

Savol:

Assalomu alaykum, qori aka! Sizdan so‘ramoqchi bo‘lgan narsam shuki, chap qo‘l (chapaqay) insonlar, ya’ni pichoq, qoshiq, ish qurollarini chap qo‘lda ishlatadigan kishilarga Islomda qanday qaraladi. Iltimos, shu haqida ma’lumot bersangiz!

Odob-axloq 6709

Javob:

Va alaykum assalom. Islom ta’limotlariga ko‘ra, banda yeyish-ichish, salomlashish kabi ishlarni faqat o‘ng qo‘lda amalga oshirishi kerak. Taom yeyishda qoshiq va non galma-galdan o‘ng qo‘lda ushlanadi. O‘ng qo‘lda qoshiq, chap qo‘lda non ushlanmaydi. Tahoratda ham o‘ng taraf (faqat qo‘l va oyoqda) birinchi yuviladi, kiyimni o‘ng qo‘ldan, poyafzalni o‘ng oyoqdan boshlab kiyiladi. Masjid va boshqa pokiza joylarga o‘ng oyoqdan boshlab kiriladi. Faqatgina nopok narsalarni tozalash, masalan, avrat joylarini, burunni poklash kabi ishlar chap qo‘lda bajariladi. 

Chapaqay insonlar haqida gapiradigan bo‘lsak, bu hammasi yoshlikdan berilgan tarbiyaga bog‘liq. Ota-ona bolasiga yoshligidan o‘ng qo‘lda salomlashish, yozish, o‘ng qo‘lda taomlanishni o‘rgatishi kerak. Yoshi katta chapaqay kishilar Islom mohiyatini keyinroq tushunib yetsalar, islomlari go‘zal bo‘lishi uchun ishlarni sekin-asta o‘ng qo‘lda bajarishga odatlansalar, yaxshi bo‘ladi. Lekin, banda toqatidan ortiq narsaga majburlanmaydi.

Ma’lumot o‘rnida aytib o‘tamiz: sport musobaqalarida, yana zarurat yuzasidan chap qo‘l va chap oyoqni ishlatish mumkin. Yana Alloh bilguvchiroqdir!