Savollar va javoblar

 

Mavzu:

Begona qizlarga gap otish hukmi 06.01.2018

Savol:

Hammamiz bilamizki, hozirgi yoshlar juda ham sho‘x. Yigitlar qizlarga gap otishadi. Dinimizda bu ishga qanday qaraladi?

Fiqh 6679

Javob:

Bismillahir rohmanir rohiym! Nomahram qizlarga gap otish gunohdir. Sababi Islom shariatida zino harom qilingan. Zinoning asli va unga olib boruvchi vositalar ham haromdir. Jumladan, nomahramlarga hirs bilan qarash, hojatdan tashqari tikilish harom. Qizlarga gap otishning zarari ularga shahvat bilan nazar solishdan ko‘proq. Sababi gap otishdan oldin ularga nazar solinadi va gap bilan ularni yomon yo‘lga boshlash rejasi miyada charx uradi. Xullas, poklikni targ‘ib qiluvchi muqaddas dinimiz ayollar huquqini to‘liq himoya qiladi va zinoning oldini olish maqsadida nomahramlarga qarash, ular bilan gaplashish, ushlash, o‘pish kabi ishlarni zinoga tenglashtiradi. Bu haqida hadis bor.

 

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ عَنْ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: كُتِبَ عَلَى ابْنِ آدَمَ نَصِيبُهُ مِنْ الزِّنَا مُدْرِكٌ ذَلِكَ لاَ مَحَالَةَ فَالْعَيْنَانِ زِنَاهُمَا النَّظَرُ وَالأُذُنَانِ زِنَاهُمَا الإسْتِمَاعُ وَاللِّسَانُ زِنَاهُ الْكَلاَمُ وَالْيَدُ زِنَاهَا الْبَطْشُ وَالرِّجْلُ زِنَاهَا الْخُطَا وَالْقَلْبُ يَهْوَى وَيَتَمَنَّى وَيُصَدِّقُ ذَلِكَ الْفَرْجُ وَيُكَذِّبُهُ. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ وَمُسْلِمٌ وَأَبُو دَاوُدَ وَالنَّسَائِيُّ.

Abu Hurayra roziyallohu anhu Nabiy sallallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi: “Odam bolasiga zinodan bo‘lgan nasibasi yozilgan. Buning yetishida shubha yo‘q. Ikki ko‘zning zinosi nazar solish, ikki quloqning zinosi eshitish, tilning zinosi gapirish, qo‘lning zinosi ushlash, oyoqning zinosi qadam tashlashdir. Qalb rag‘bat qiladi va xohlaydi. Farj esa uni tasdiqlaydi yoki yolg‘onga chiqaradi” (Buxoriy, Muslim, Abu Dovud va Nasoiy rivoyati).

Ushbu rivoyatga ko‘ra, nomahramlarga shahvat bilan nazar solish, ular bilan hojatdan tashqari gaplashish, nomahramlarni ushlash kabi ishlar haromdir. O‘zini musulmon sanagan har qanday banda bunday ishlardan tiyilishi talab etiladi.