Savollar va javoblar

 

Mavzu:

Er-xotin bir-birini fahsh ishda ayblasa, nima bo‘ladi? 02.01.2018

Savol:

Hozir ko‘pchilik oilalarda arzimagan notanish telefon qo‘ng‘irog‘i sababli ham ajrimlar kuzatilyapti. Aytingchi, er xotinni, xotin erini xiyonatda ayblashi uchun qanday asosga ega bo‘lishi kerak? Ular bir-birini nohaq ayblasa, buning hukmi shariatda qanday bo‘ladi?

Fiqh 8005

Javob:

Bismillah, valhamdulillah vas-solatu vas-salamu ala rosulillah. Avvalo, er ham, xotin ham shariat buyruqlarini to‘liq ado etishlari lozim. Alloh va Rasulining (sollallohu alayhi va sallam) amriga itoat etilmasa, turli xil muammolar paydo bo‘ladi.

Erkak o‘z pokdomon ayolini zinoda ayblashi katta gunoh. Agar u aytayotgan gapiga to‘rt nafar guvoh keltirolmasa yoki lion aytishdan bosh tortsa, u holda er fosiq sanaladi va shar’iy jazo belgilanadi. Odatda, bunday masalalar shar’iy mahkamada  hal qilinadi.

Ma’lumot o‘rnida aytib o‘tamiz: “Lion” so‘zi “bir-birini la’natlash” ma’nosini anglatadi. Shar’iy istilohda, xotinini zinoda ayblagan odam gapini tasdiqlashga guvoh topa olmasa, xotin er gapini inkor etsa, er-xotin qozi huzurida lion aytadi.

Birinchi er boshlaydi. To‘rt marta “Alloh nomi bilan qasam ichib aytaman, men ayolni zinoda ayblayotganimda yoki (u tuqqan) bola (mendan ekanligi)ni inkor qilayotganimda rostgo‘yman”, deydi. Beshinchisida “Agar ayolni zinoda ayblashimda yoki bolani inkor etishimda yolg‘onchi bo‘lsam, menga Allohning la’nati bo‘lsin!” deydi.

Keyin ayol to‘rt marta “Alloh nomi bilan qasam ichamanki, u menga qo‘yayotgan aybida yolg‘onchidir”, deydi. Beshinchisida “Agar u menga qo‘yayotgan aybida rostgo‘y bo‘lsa, menga Allohning g‘azabi bo‘lsin!” deydi.