Savollar va javoblar

 

Mavzu:

Homilador holda bola emizish hukmi 01.01.2018

Savol:

Emizikli ayol yana homilador bo‘lib qolsa, birinchi farzandi endi 3 oylik bo‘lgan bo‘lsa, uni emizishda davom etishi mumkinmi? Agar mumkin bo‘lmasa, birinchi farzandning ikki yillik xaqqi nima bo‘ladi?

Fiqh 6861

Javob:

Bismillahir rohmanir rohiym! Aslida ona bolasini to‘liq ikki yil emizishi kerak. Mana shunisi eng afzalidir. Ammo homilador holda bolani emizish bola yoki onaga zarar keltirsa, ikki yildan avvalroq uni sutdan ajratish holatga qarab mustahab yoki vojib bo‘lishi mumkin.

Bu borada biron qaytariq yo‘q. Balki Nabiy sollallohu alayhi va sallam ayollarni homilador holda bola emizishdan qaytarmoqchi bo‘lib, bu ishni qilmaganlari haqida rivoyat bor.

 

عَنْ جُدَامَةَ بِنْتِ وَهْبٍ الأَسَدِيَّةِ أَنَّهَا سَمِعَتْ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَقُولُ: لَقَدْ هَمَمْتُ أَنْ أَنْهَى عَنْ الْغِيلَةِ حَتَّى ذَكَرْتُ أَنَّ الرُّومَ وَفَارِسَ يَصْنَعُونَ ذَلِكَ فَلاَ يَضُرُّ أَوْلاَدَهُمْ. رَوَاهُ مُسْلِمٌ وَأَبُو دَاوُدَ وَالتِّرْمِذِيُّ وَمَالِكٌ وَالنَّسَائِيُّ وَالدَّارِمِيُّ وَأَحْمَدُ.

Judoma binti Vahb al-Asadiyyadan rivoyat qilinadi: “Men Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Men g‘iyladan qaytarishni niyat qilgandim. Ammo rumliklar va forslar bu ishni qilishlari bolalariga zarar yetkazmasligini eslab (bunday qilmadim)”, deganlarini eshitganman” (Muslim, Abu Dovud, Termiziy, Molik, Nasoiy, Dorimiy va Ahmad rivoyati).

Ulamolar rivoyatdagi “g‘iyla” so‘zini ikki xil izohlashgan:

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam homilador ayolning emizishi bolaga zarar qilishidan xavotir qilib, ummatlarini bu ishdan qaytarmoqchi bo‘lganlar. Ammo rumliklar va forslar shunday qilsalar ham bolalariga ziyon yetmayotganini mulohaza qilib, undan qaytarmaganlar. Bundan kelib chiqadiki, erkak emizikli xotini bilan jinsiy aloqa qilishi, ayol esa emizikli bolasi bo‘la turib yana homilador bo‘lib qolsa, bolasini emizishda davom etishi mumkin.

Bu masalaning shar’iy hukmidir. Ammo homilador holda bola emizishning tibbiy jihatini musulmon, ishonchli va malakali tabiba bilan maslahatlashib, hal qilish kerak. Balki bu holat emizikli bolaga yoki onaning o‘ziga zarar qilishi mumkin. Zero, tabiblar bu vaqtda bolani emizish kasallik keltirib chiqarishini ta’kidlashgan. Har kimning holati har xil bo‘ladi. Shu sabab bu borada shifokorlar bilan maslahatlashing. Bunday holatda er-xotin o‘zaro kelishib, ona va bolaning salomatligi uchun eng qulay va foydali yo‘lni tanlashlari kerak.