Savollar va javoblar

 

Mavzu:

Allohning makrini qanday tushunish kerak? 30.12.2017

Savol:

Sizlarga yana bir savolim bor edi: Alloh ham makr qiladimi? Qanday bandalarini makr qiladi. Javob uchun oldindan rahmat!

Javob:

Va alaykum assalom. Alloh taolo shunday degan: (Yahudiylar) makr qildilar. Alloh ham “makr” qildi. Alloh “Makkorroq”dir” (Oli Imron surasi, 54-oyat).

“Makr” so‘zi tadbir qilish yo hiyla bilan boshqa tarafga burib yuborish kabi ma’nolarni ifodalaydi. Makrga ikki xil qaraladi: agar makr qilishdan maqsad yomonlik, qabihlik bo‘lsa, u qoralanadi. Yahudiylar Iso alayhissalomga qilgan makri bunga misoldir. Agar makr qilishdan maqsad yaxshilik bo‘lsa, u holda bunday makr maqtaladi.

Iso alayhissalom da’vatini yolg‘onga chiqargan yahudiylar unga xiyonat qildilar, uni o‘ldirmoqchi bo‘ldilar. Qabih niyatlarini amalga oshirish uchun ne-ne vositalarni ishga solmadilar. Biroq hikmatli, qodir Zot Alloh taolo ularning makrlarini bekor qildi, shuncha chora-tadbirlari besamar ketdi. Alloh payg‘ambari Iso alayhissalomga ularning yomonliklaridan najot berdi. Alloh “makr” jihatidan yahudiylardan kuchliroq. U Zotning tadbiri amalga oshuvchidir. Alloh jinoyatchi kimsalarni kutmagan tomonlaridan jazolab qo‘yadi (Manba: Muhammad Sayyid Tantoviy, “Payg‘ambarlar tarixi”).

Demak, Allohning makri deganda tadbiri, dushmanlar hiylasini yo‘qqa chiqarishi, harakatlarini zoye ketkazishi tushuniladi. Vallohu a’lam!