Savollar va javoblar

 

Mavzu:

Hayoning mohiyati nima? 27.12.2017

Savol:

Assalomu alaykum. Hayo nima? Shu haqida ma’lumot bersangiz! Javob uchun oldindan rahmat!

Odob-axloq 3474

Javob:

Va alaykum assalom. “Hayo” so‘zi lug‘atda “uyalish”, “tortinish” kabi ma’nolarni anglatadi. Shar’iy istilohda, noshar’iy xatti-harakat va so‘zlardan uzoq bo‘lishga undovchi, haqdorning haqini kamaytirishga yo‘l qo‘ymaydigan xulq hayodir.

Hayo har bir insonga xos xususiyat, undagi shaxsiy g‘ariza sanaladi.

Dinimiz Islomda hayoga imonning bir bo‘lagi sifatida qaraladi. Imon va hayo bir-biriga juda yaqin ekani ta’kidlanadi.

 

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ عَنْ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: الإِيمَانُ بِضْعٌ وَسِتُّونَ شُعْبَةً وَالْحَيَاءُ شُعْبَةٌ مِنْ الإِيمَانِ. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ وَمُسْلِمٌ وَأَبُو دَاوُدَ وَالنَّسَائِيُّ وَابْنُ مَاجَهْ وَأَحْمَدُ.

Abu Hurayra roziyallohu anhu Nabiy sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi: “Imon oltmish nechtadir qismdan iborat. Hayo imonning bir bo‘lagidir” (Buxoriy, Muslim, Abu Dovud, Nasoiy, Ibn Moja va Ahmad rivoyati).

Imon oltmishdan ortiq qismdan iborat bo‘lsa, hayo ana o‘sha qismlardan biridir. Bandaning imoni komil bo‘lishi uchun hayoli bo‘lishi, solih amallarga rag‘bat bildirib, gunoh ishlardan chetlashishi lozim sanaladi.

 

عَنْ ابْنِ عُمَرَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا قَالَ: قَالَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: الْحَيَاءُ وَالإِيْمَانُ قُرِنَا جَمِيعًا فَإِذَا رُفِعَ أَحَدُهُمَا رُفِعَ الآخَرُ. رَوَاهُ الْحَاكِمُ وَالْبَيْهَقِيُّ وَالطَّبَرَانِيُّ وَسَنَدُهُ صَحِيحٌ.

Ibn Umar roziyallohu anhumo Nabiy sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi: “Hayo va imon bir-biriga birlashtirilgan. Agar ulardan biri ko‘tarilsa, boshqasi ham ko‘tariladi” (Hokim, Bayhaqiy va Tabaroniy rivoyati. Rivoyat sanadi sahih).

Hayo har bir inson tabiatiga xos narsa bo‘lsa ham imondan bir bo‘lak qilinishiga sabab, insondagi bu g‘ariza shariatga muvofiq bo‘lishi, ilm va niyat bilan bu xislat maqtalgan xususiyatga aylantirilishi kerak. Aks holda inson bilib-bilmay yaxshi amallardan hayo qilib, xayr-barakadan quruq qolishi hech gap emas.

 

عَنْ عِمْرَانَ بْنِ حُصَيْنٍ قَالَ: قَالَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: الْحَيَاءُ لَا يَأْتِي إِلا بِخَيْرٍ. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ وَمُسْلِمٌ وَأَحْمَدُ.

Imron ibn Husoyn roziyallohu anhu Nabiy sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi: “Hayo faqat yaxshilik keltiradi” (Buxoriy, Muslim va Ahmad rivoyati).

Hayo banda bilan gunoh ishlar o‘rtasida to‘siq bo‘ladi. Hayo malomatga olib boruvchi ishlardan saqlaydi. Mana shundagina hayo maqtalgan sifatga aylanadi. Bu esa faqat yaxshilik keltiradi. Zero, Alloh buyurgan ishlarni qilgan va U Zot qaytargan amallardan tiyilgan banda faqat yaxshilik qozonadi.

Bir bandaga yomonlik qilinsa, uning hayosi yomonlikni yomonlik bilan qaytarishdan to‘sadi va u o‘sha yomonlikka yaxshilik bilan javob beradi.

Boshqa bir bandaning hayosi uni haqiqiy muhtoj odamni ko‘ra turib, biron yordam bermasdan indamay o‘tib ketishiga yo‘l qo‘ymaydi. Bu bilan moli ziyoda bo‘lishini ta’minlagan, boshiga yog‘ilishi mumkin balo-ofatlarni daf qilgan bo‘ladi.

Shuni ham unutmaslik kerak, shariat bandalarni hayoga targ‘ib qilgan, deb haqini himoya qilolmay ojiz qolish, gunoh sodir etilganda amru ma’ruf va nahiy munkar qilishga o‘zida kuch topa olmaslik hayo emas, qo‘rqoqlikdir. Hayoli kishi vaqti kelsa, harom ishlardan tiyiladi, sharoit taqozo qilganida g‘ayrat ko‘rsatadi, jasoratini namoyish etadi.

 

عَنْ أَنَسٍ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: إِنَّ لِكُلِّ دِينٍ خُلُقًا وَخُلُقُ الإِسْلامِ الْحَيَاءُ. رَوَاهُ ابْنُ مَاجَهْ وَمَالِكٌ وَالْبَيْهَقِيُّ وَالطَّبَرَانِيُّ وَسَنَدُهُ حَسَنٌ.

Anas ibn Molik roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi: “Har bir dinning o‘z xulqi bo‘ladi. Islomning xulqi hayodir” (Ibn Moja, Molik, Bayhaqiy va Tabaroniy rivoyati).

Hayo Islom dini xulqidir. Bu mo‘min bandaning xususiyatidir. Imon va hayo birga bo‘ladi. Kimda hayo bo‘lsa, unda imon bo‘ladi. Kimda imon bo‘lsa, unda, albatta hayo bo‘ladi.

Quyidagi rivoyatni o‘qish orqali hayoning mohiyatini yanada teranroq anglab yetamiz.

 

عَنْ عَبْدِ اللهِ بْنِ مَسْعُودٍ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: اسْتَحْيُوا مِنْ اللهِ حَقَّ الْحَيَاءِ قَالَ: قُلْنَا يَا رَسُولَ اللهِ إِنَّا نَسْتَحْيِي وَالْحَمْدُ للهِ قَالَ: لَيْسَ ذَاكَ وَلَكِنَّ الاسْتِحْيَاءَ مِنْ اللهِ حَقَّ الْحَيَاءِ أَنْ تَحْفَظَ الرَّأْسَ وَمَا وَعَى وَالْبَطْنَ وَمَا حَوَى وَلْتَذْكُرْ الْمَوْتَ وَالْبِلَى وَمَنْ أَرَادَ الآخِرَةَ تَرَكَ زِينَةَ الدُّنْيَا فَمَنْ فَعَلَ ذَلِكَ فَقَدْ اسْتَحْيَا مِنْ اللهِ حَقَّ الْحَيَاءِ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ وَأَحْمَدُ وَالْحَاكِمُ وَسَنَدُهُ حَسَنٌ.

Ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Allohdan haqiqiy hayo qilinglar!” dedilar. Shunda: “Yo Rasululloh, biz hayo qilamiz, alhamdulillah”, dedik. U zot: “Unday emas. Lekin Allohdan haqiqiy hayo qilish bosh va undagi narsalarni, qorin va unga kiruvchi narsalarni (haromdan) saqlash, o‘lim va (qabrda) chirishni eslashdir. Kim oxiratni xohlasa, dunyo ziynatini tark etadi. Kim shunday qilsa, Allohdan haqiqiy hayo qilibdi”, dedilar” (Termiziy, Ahmad va Hokim rivoyati. Rivoyat sanadi hasan).

Xullas, shariatda “hayo” deyilganda, faqat “uyalish”, “tortinish” ma’nolarini iroda qilinmaydi. Balki shar’iy istilohdagi hayo Alloh buyurgan amallarni bajarib, harom ishlardan tiyilish, dunyo o‘tkinchiligini yodda tutib, oxirat uchun harakat qilishdir.