Savollar va javoblar

 

Mavzu:

Duoda qo‘lni birlashtirish makruhmi? 09.10.2017

Savol:

Assalomu alaykum! Yaqinda ustozimiz “Fatava hindiyya”dagi “Karohiyat bobi”dan ba’zi masalalarni menga o‘qib berdilar. 1. Unda: “Duo qilayotgan odam qo‘llarini birlashtirib olishi makruh, faqatgina sovuq va shu kabi uzrli holatlar bundan mustasno”, deyilgan ekan. Bizda ko‘pchilik duo qilayotganida qo‘llarini ko‘tarib, barmoqlarini bir-biriga juftlab, ikkala kaftini bir-biriga tekkazadi. “Fatava hindiyya”da esa buni makruh deyilgan ekan. Ustoz, duoda ikkala qo‘l orasi ochiq holda bo‘lishi kerakmi? Boshqa fiqh kitoblarida ham shunday tushuntirilganmi? 2. Yana mazkur kitobda duo qilishning sifati va turlari tushuntirilib, duoda sabboba barmog‘i bilan ishora qiladi, deyilgan (menimcha, bu yerda gap tashahhuddagi ishora haqida ketmayapti). Mana shunday duo qilishning sifatini ham menga ta’lim bersangiz.

Javob:

Va alaykum assalom. 1. To‘g‘ri, “Fatava hindiyya”da shunday jumlalar bor. Ammo bu umumiy qoida emas. Kim qanday xohlasa shunday duo qiladi. Aslida qo‘lni keng ochib duo qilish to‘g‘risida rivoyat bor. Ammo mashhur hadislarda duoda qo‘lni birlashtirishdan qaytarilmagan. Demak, bu ish harom ham, makruh ham emas. Faqat qo‘lni ko‘krak barobarida ushlab turish aytiladi. Duo shunday ibodatki, u faqat qo‘lni ko‘tarish bilangina mukammal bo‘lmaydi. Unda ixlos ham bo‘lishi kerak. Qo‘lni keng ochib, o‘sha fatvoda kelgan odoblarga amal qilsayu, ammo qalbda ixlos bo‘lmasa, foydasi yo‘q. Agar qalbda ixlos bo‘lsa, banda qo‘lini osmonga ko‘tarmasa ham duosi qabul bo‘laveradi. Bu kabi juda mayda narsalarga ahamiyat bermaslik kerak. Siz bizning odamlar unday qiladi, kitobda bunday ekan, deb juda kichik masalalarni so‘rayapsiz. Avval asosiy narsalarni o‘rganish kerak. Shunda bunday mayda-chuyda savollaru e’tirozlarga o‘rin qolmaydi!