Ro‘zg‘or ishlaridan zerikdingizmi? (Ayollar uchun)

8 Yan 2018 3035

Zamonamizdagi texnikaning rivoji ro‘zg‘or yumushlari va oila tashvishlarini qanchalik yengillatmasin, baribir har kuni uy ichida va oshhonada o‘ralashib yurish kishini zeriktirishi tabiiy. Keling, mana shu zerikarli hayotni mazmunli va foydali qilish yo‘llari bilan tanishaylik.

 

Biror ishni qilishda, buni Alloh uchun deb niyat qilish qalbimizga nur, kayfiyatimizga yengillik va hotirjamlik beradi. Alloh uchun qilingan har bir harakat hayotning mazmuni bo‘lib, huddi ovqatga solingan tuz yoki choyga solingan shakar kabi umrning shirin o‘tishiga sabab bo‘ladi. Bu ham ibodat sanaladi.

 

Ovqat qilishdan charchadingizmi? Hadeb gazplitasi yonida turaverishdan zerikdingizmi? O‘z qarashingizni o‘zgartiring. Maqsadingizni o‘zgartiring. Dunyoviy maqsadni ruhiy ozuqaga almashtiring. Shunda oshxonaga kirish siz uchun mashaqqat emas, mukofot bo‘ladi.

 

Bunga qanday erishish mumkin deysizmi? Bu juda oddiy. Ro‘zg‘or tashvishlari siz uchun og‘ir va zerikarli tuyulyaptimi? Siz hozir Alloh taolo sizning oldingizda turibdi va bu ishlar (ovqat tayyorlash, yig‘ishtirish...) uning uchun qilinyapti deb tasavvur qiling. Hammasi haqiqatda yuz beryapti deb tasavvur qilish, holatni tubdan o‘zgartiradi. Yaratganga bo‘lgan muhabbat sabab, endi sizda Uning uchun hamma narsani qilib berish, yana biror yaxshilik qilish ishtiyoqi tug‘iladi.

 

Yana maslahat: har bir ishni boshlashdan avval tavba qiling. Bu sizga yengillik beradi. Tashvishlardan to‘yib ketgan hayotingizda yangi sahifa ochiladi.

 

Masalan: turmush o‘rtog‘ingiz bilan hafalashib qoldingiz va u bilan gaplashishni istamaysiz.  Yaratganga tavba qiling. Allohga tavba qilib, unga bosh eggan inson o‘z yonidagi kishiga ham past kelishi osonlashadi. Qalbingizdagi kibr o‘rniga, rahm – shafqat uyg‘onadi va juftingizning xatosini kechirishingiz oson bo‘ladi.

 

Ro‘zg‘or yumushlarini yengillatishning yana bir necha usullari bor:

 

-         Qur’on o‘qish va uni tinglash, ish vaqtida foydali nasihatlarni tinglash;

 

-         Uy yumushlarini bajarayotganda fikru-xayolda zikr bilan band bo‘lish;

 

-         Taom tayyorlashda sunnatga rioya qilish: ovqat pishirishni boshlashda “bismillah”ni aytish, tayyorlash davomida tozalikka rioya qilish, ovqat pishgach undan qo‘shnilarga ham ulashish kabi.

 

-         Alloh uchun tayyorlayotgan taomingizni halol bo‘lishiga harakat qilish: ish jarayonida mahsulotlarning halol qilib yuvilishi, tozalanishi, umuman mahsulotning o‘zi halol bo‘lishi va albatta, halol yo‘l bilan kelgan bo‘lishiga e’tiborli bo‘lish;

 

-         Hamisha qalbda va tilda Allohni yod etish va bu bilan doimo yaxshi kayfiyatda yurish;

 

Mazkur qoidalarga rioya qilib bajarilgan har bir ish, tayyorlangan taomlar Inshalloh go‘zal va yoqimli bo‘ladi. Allohning yodi va zikri bilan tayyorlangan taom nafaqat shirin, balki foydali hamdir. Ahir oddiygina suvning duolar ta’sirida uz strukturasini o‘zgartishi fan bilan isbotlanib turganda, tinimsiz zikr va duolar natijasida pishgan taom qanday qilib foydali bo‘lmasin. Aziz ayollar,yuqoridagi maslahatlarga hech bo‘lmasa hayotingizni bir kunida to‘liq rioya qilib ko‘ring. Natijasi esa sizni qoniqtirishi kafolatlagangan!

 

 Kamila Rahimjonova