IKKI NARSA BORKI, KO‘PChILIK BULAR BORASIDA ZIYoNDA

18 Yan 2018 2918

Odam hayoti davomida har-xil zarar ko‘rishi mumkin. Kimdir savdoda, kimdir dehqonchilikda, yana kimdir boshqada. Shularning ichida  hayotda  ko‘p uchraydigan va ko‘pchilikning  katta katta zarar ko‘rishiga sabab bo‘ladigan ikki narsa bor. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam O‘zlarining muborak hadisi shariflarida bu ikkalasini bayon qilib berganlar.

 Imom Buxoriy, Termiziy, Ibn Moja (rahmatullohi alayhim)lar rivoyat qiladilar:

عَنِ ابْنِ عَبَّاسٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا قَالَ: قَالَ النَّبِيُّ صَلَى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: «نِعْمَتَانِ مَغْبُونٌ فِيهِمَا كَثِيرٌ مِنَ النَّاسِ، الصِّحَّةُ وَالْفَرَاغُ».

Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Ikki ne’mat borki, ko‘p odam ular borasida zarar ko‘radi: sog‘liq va bo‘sh vaqt», dedilar».

Sharh:

Hadisi sharifdagi biz “zarar ko‘radi” deb tarjima qilgan jumlamiz hadisi sharifda “mag‘bunun” shaklida bo‘lib, o‘zagi “g‘obnun”dir. Arab tilida “g‘obnun” degani, savdoda bir narsani bir necha barobar qimmatiga sotib olib zarar qilish, yoki o‘z narxidan bir necha barobar arzon sotib zarar ko‘rish ma’nolarini anglatadi. Kim-da kim sog‘lom, va bemalol bo‘la turib oxiratini obod qilishga urinmasa, u ham savdoda zarar ko‘rgan kishi kabi zarar ko‘radi.

Ko‘pchilik sog‘lik va qo‘li bo‘shlik ne’matini suiste’mol qilib, natijada dunyo va oxirat azobiga duchor bo‘ladilar. Undan to‘g‘ri foydalanganlarida edi, maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Imom ibn al-Javziy ushbu hadis sharhida shunday deganlar:

“Gohida inson sog‘lom bo‘lsa, tirikchilik ila band bo‘ladi. Goho qo‘li bo‘sh bo‘ladi ammo, sog‘ligi joyida bo‘lmaydi. Ba’zida, qo‘liyam bo‘sh, sog‘ligiyam joyida bo‘ladi-yu, lekin bu imkoniyatlarini qadriga yetmay, ibodatga beparvo bo‘lib qolib, natijada bu odam ham savdoda zarar ko‘rgan kishi kabi imkoniyatni qo‘ldan boy beradi.   

Yomon e’tiqod:

Oramizda ba’zi kimsalar bu dunyoga shunchaki kelganmiz, deb o‘ylashadi. Men shularga bitta savol bermoqchi edim.

Oramizdagi eng dono va aqilli bir odam bir loyihaga qo‘l ursa va ushbu ishidan ko‘zlagan birorta maqsadi bo‘lmasa, unday odamni dono aqilli, deb bo‘ladimi? Dono va aqilli odam maqsadsiz loyihaga qo‘l urmaydi ham.

Endi bir oddiy va ojiz bandasi maqsadsiz va hech qanaqa ma’nosi yo‘q ishga qo‘l urmas ekan, olamlar Robbi Alloh ham bizlarni yaratib, bu dunyoda yashash uchun umr berib, ketidan hech narsani maqsad qilmagan, bu dunyoga shunchaki keldik, mazza qilib yashab olish kerak, deyish ahmoqona fikr emasmi?

Alloh mana shunday ahmoqona fikrlaydigan kimsalarga raddiya berib shunday deydi:

أَفَحَسِبْتُمْ أَنَّمَا خَلَقْنَاكُمْ عَبَثًا وَأَنَّكُمْ إِلَيْنَا لَا تُرْجَعُونَ [المؤمنون : 115]

«Nahotki, sizni yaratishimiz behuda bo‘lgan va siz Bizga qaytarilmassiz, deb hisoblasangiz?!».

Ha, azizlar! Bu dunyoga behudaga, shunchaki kelmaganmiz. Bu dunyo va bu hayotni Mulk surasida aytilganidek imtihon uchun yaratdi:

خَلَقَ الْمَوْتَ وَالْحَيَاةَ لِيَبْلُوَكُمْ أَيُّكُمْ أَحْسَنُ عَمَلًا  [الملك : 2]

«Qaysilaringiz yaxshi amal qilishingizni sinash uchun o‘lim va hayotni yaratdi».

Shunday ekan, har birimiz hali vaqt bor-ku, deb o‘zimizni aldamasdan, fursat borida xayrli va savob amallarni qilib olylik!

 

Odilxon qoriYunusxon o‘g‘li