Allohning odam qiyofasidagi farishtalari

20 Yan 2017 6802

Hayotiy voqelik asosida....   

 

   “Moskva shahriga kelib, mo‘may daromad topaman deb vijdonini sotayotgan vatandoshlarimizni har yerda va har sohada uchratdim. Qo‘shni davlatdagilardan xafa bo‘lmasak ham bo‘larkan. To‘g‘ri, yaxshi odamlar ozchilik bo‘lsa-da, bor. Erim bilan Rossiyada halol pul topish ilinjida ko‘p qiynaldik. Farzand ko‘rdik. Biroq uyga qaytish orzu bo‘lib qoladigandek tuyulardi. Ota-onamga “qiynalyapmiz” deyishga tortindim. Ko‘p farzandli oilada katta bo‘ldim. Og‘irligim tushmasin deb, indamadim.
   Moskvada 4 yildan oshiq vaqt yashadik. Qizim dunyoga keldi. U 2 yoshga to‘lganida zo‘rg‘a yo‘lga va yana mayda-chuydaga pul yig‘dik. Oktyabr oylari oxirlarida sovuqda kiynalmaylik deb shoshilinch uyga qaytishga qaror kildik, lekin samolyot va poyezdlarga chiptalar narxi oshib ketar ekan. Hisoblasak, pulimiz yetmadi. Shuncha yil o‘tib, shu ahvolda uyga qaytishga erim or qilgani uchun qaytmaganimiz menga alam qilardi. To‘g‘ri, uni ham tushunaman. “O‘zim uy olay, qo‘ni-qo‘shnilarim o‘ziga to‘q, men esa 36 yoshga kirib hech narsaga erisha olmadim”, deb ezilardi. Oddiy oilaning farzandi bo‘lgani va otasiz o‘sgani bois onasi hamda singillarini boqish uchun 16 yoshidan beri har yurtda darbadar non topishga o‘rgangan. Men esa nima bo‘lsa ham, uyga qaytishni o‘ylardim. O‘zga yurtda pul sochilib yotmasligini, qora terga botib ishlasang ham o‘z Vatanimizdagidek baraka hech qayerda yo‘qligini tushuntira olmadim. Shu tariqa uyga avtobusda qaytishga qaror qildik. "Odnoklassniki" ijtimoiy tarmog‘idan haydovchilarning telefon raqamlarini oldik. Bilet narxi 4500 rubl deyishdi. Xursand bo‘ldik. Yulkiraga yetadi. Qolganini uyga olib borib, hech bo‘lmasa, qo‘y so‘yamiz degan niyatda yo‘lga chiqdik. Sovg‘a-salomlar ham oldik. Avtobus bekati bir ko‘rimsiz chekka joyda ekan. Ko‘nglim noqonuniy yo‘l bilan olib ketishlarini sezdi. Ko‘cha sovuq, hamma yoqni qor qoplagan. Harorat 18 daraja sovuq edi. O‘tirishga na vokzal va na sharoit bor. Bu yoqda qizimning tobi qochganga o‘xshadi. Ko‘p injiqlik qila boshladi.
   Telefon qilgan odamimiz umuman haydovchi emas, dallol bo‘lib chiqdi. Bizga o‘xshab aldanib yo‘lga chiqqan odamlarning soni 100dan oshib ketdi. Avtobus o‘rindiqlari esa 54 kishiga mo‘ljallangan. U ham mayli. Yo‘lkira haqi avtobusga chiqqanda oshib ketdi. 1000 rubl qo‘shsa, o‘rindiqda o‘tirib ketish. 7 soat sovuqda avtobus yurishini kutdik. Uch kunda kirib boramiz, deb va’da berishdi. Ammo uch kun emas, olti kunda yetib kelishdi. Yo‘lda GAI to‘xtatsa haydovchi pasportlarni yig‘ib olib, “GAI so‘rayapti, hammangizni militsiyaga topshirmoqchi” deb, yana har bir yo‘lovchidan pul yig‘ib oldi. Meni esa chegaradan yana Moskvaga qaytarishdi. Qizimni olib o‘tish uchun hujjat olmagan ekanman. Tiqilinch avtobusda chegaraga uch kunda yetib bordik. Orqaga qaytishga esa yana bir kunim ketdi. Erim chegaradan o‘tib ketdi, chunki unga muhr urib bo‘lishgan edi. Bir tanishimnikiga kelib tunadim. Elchixonadan hujjat qildirib, yana yo‘lga chiqdim. Shoshilinch samolyotlarning chipta narxi 1000 AQSh dollariga teng bo‘lib qolgani uchun yana ana shu yolg‘onchi avtobuschilar oldiga bordim, chunki qizimni sal shamollatib qo‘yibman. Tezroq uyga borib davolataman, deb shoshgandim. Dallollarga ahvolimni tushuntirdim. Ular yana bir talay va’dalar bilan avtobusga chiqarishdi...yana o‘sha manzara. Pulini qaytarib so‘raganlarning pulini qaytarmay, har xil bahonalar topishardi. Ularni o‘zbeklar deyishga tilim bormaydi. Bu safar ham firibgarlarga uchradim. Hammadan GAIga, chegaradan o‘tishni bahona qilib, yana majburan pul yig‘a boshlashdi. Haqoratlar esa qalbga og‘ir botdi. Uch kunda Qozog‘iston chegarasiga yetganda indamay tushib ketishdi. Hammamiz yo‘ldan charchaganimiz, sovuqda qolganimizga e’tibor bermadik. Qizim bilan yulda qancha yurgan bo‘lsak, biror marta ham tuz totmadik. Qizimning ko‘zlari shisha boshladi. Uning og‘irlashib ketayotganini ko‘rib, nima qilishimni bilmay, Xudodan yo‘limizni ochiq qilishini so‘rardim. Haydovchi shu tariqa 11 soat chegara boshida turdi. “Pul yig‘magunlaringcha yurmayman”, deb turib oldi. Ko‘pchilikning puli tugagan. Oramizdan bir mard chiqdiki, hammamiz uchun pul to‘lab, Qozogistonga o‘tib oldik. U yerda yana muammo chiqarishdi. Shu tariqa O‘zbekiston chegarasiga yetib keldik. Qizim esa hushsiz yotardi. Yonimda bir tiyinim ham qolmagandi. Ko‘zimdagi yosh tinmasdi, hech kim qayrilib ham qaramaydi. Muxammad Ali degan chegarachi qo‘liga tushganimda chidolmay urishib ketdim.
   Hammani yana olti soat bir sovuq xonaga tiqvolib, pul bermasak o‘tib ketolmasligimizni aytdi. Yaxshi odamlar oramizda bor ekan. Bir yo‘lovchi yigit men uchun ham pul to‘ladi, lekin puli yuqlar hisobiga yana ushlab o‘tirishdi. Bolamni kasalligini aytsam, yomon so‘zlar bilan so‘kishdi. Puli yo‘qlardan uchtasi qolganida bizlarni qo‘yib yuborishdi. Chegarada esa olib o‘tadigan odam yo‘qolib qoldi. Bolam bilan o‘zim bir amallab o‘tib oldik.
    Eng achinarlisi, shu ishlarning barchasini o‘zbeklar qilayotgani edi. Allohga shukrki, uyga yetib keldim. Turmush o‘rtog‘im andijonlik bo‘lgani uchun o‘sha yerdagi shoshilinch tibbiy markazga qizimni ko‘rsatdik. Darhol kasalxonaga yotqizishdi. Biroq shunday katta, zamonaviy jihozlar bilan ta’minlangan markazda qizimga tashxis qo‘ya olishmadi. Ko‘zlarimdan alam va dard quyilib kelardi. Shifokor bo‘lib, oq xalat kiygan bu kimsalar dastidan “dod” degim kelardi. “Boshqa shifoxonaga olib boring” deyishdi. Biz Andijonda bolalarga mo‘ljallangan barcha shifoxonalarga bordik. Birorta malakali shifokor topa olmadik. “Biz tashhis qo‘ya olmaymiz” deyishdi. Qizimning ahvoli esa og‘irlashardi. Zudlik bilan Toshkentga keldik. Qizimning ahvoli o‘ta og‘irlashdi. Undan ayrilib qolishdan qo‘rqardim. Turmush o‘rtog‘im esa o‘zini o‘qqa-cho‘qqa urar, ichidan yig‘lardi. Toshkentda darhol nevrologiya bo‘limiga yotqizishdi. U yerdagi to‘rt kunlik muolaja ham natija bermagach, qonini tekshirish uchun Gematologiya ilmiy tekshirish institutiga jo‘natishdi. To‘rtta tashhis qo‘yishdi: yuz paralichi, ko‘zlar shishi - ekzoftalm, sepsis va oq qon. Bu yerda darhol jonlantirish bo‘limiga yotkizishdi. Davolash kursini zudlik bilan boshlash va qon trombalar quyish kerakligini aytishdi. Ammo qo‘lingizda pulingiz bo‘lmasa yoki yuqoridan kimdir qo‘ng‘iroq qilmasa, oq xalat kiyganlar hayot bilan kurashayotgan qizaloqqa bir buyumdek munosabatda bo‘lar ekan. Xuddi shu pallada dunyoga sig‘madim. Faryod chekishimga bir bahya qolganda Yaratgan Egam odam qiyofasidagi farishtalarini menga ro‘para qildi. Darhol dori darmonlar keltirildi, yuqoridan ham qo‘ng‘iroq qilishdi.
    Qizim ko‘zlarini ochdi. U o‘ziga keldi. Xudoga shukrki, Alloh umr berdi. Eng katta xavf ortda qoldi. Baxtimga ota-onam sotiladigan narsalarini sotib, qizimni davolashga ko‘maklashishdi. Biroq bu kasallikning davosi hali uzoq cho‘zilishi va qaytalamasligi uchun davolash kurslarini davom ettirish kerak ekan. Ayni paytda esa bunga hech qanday sharoitim yo‘q. Shuning uchun Siz azizlardan yordam so‘rashga jazm qildim.
    Shu fursatdan foydalanib, farishta qiyofasidagi yaxshi insonlarga bir umr rahmat aytaman, duo qilaman. Alloh hammamizdan rozi bo‘lsin!”

Ayolning dardlarini oqqa ko‘chiruvchi - Xurshid Daliyev

      Qur’oni Karimda bu solih amal har biri yuz donali yetti boshoqli donga o‘xshatiladi. “Alloh yo‘lida mollarini ehson qiluvchilar (savobining) misoli bir donga o‘xshaydiki, u har bir boshog‘ida yuztadan doni bo‘lgan yettita boshoqni undirib chiqaradi. Alloh xohlagan kishilarga (savobini) yanada ko‘paytirib beradi. Alloh karami keng va bilimli zotdir”.

Qizchaga moddiy yordam ko‘rsatishni istovchilar uchun:

Hisob raqami: 2311 8000 4000 0084 7001

Karta raqami: 8600 0203 7698 1135
Milliy bank

Batafsil ma’lumot uchun telefon: +998903709284 (Sohiba, qizchaning onasi)