Odilxon qori Yunusxon o‘g‘li Rossiya Federatsiyasida taqdirlandi

1 Dek 2016 2048

  O‘zbekiston musulmonlar idorasining bir necha imomlardan iborat delegatsiyasi 29 noyabr kuni Sverdlovsk viloyatining Yekaterenburg shahrida joylashgan Muftiyotda bo‘lib o‘tgan yakuniy konferensiyasida qatnashishdi. Unda Rossiya Federatsiyasining Sverdlovsk viloyati musulmonlari idorasi markaziy muftiyoti rahbari, muftiy Abdul-Qudduss Asharin, Gornыy universitining teologiya (dinshunoslik) kafedrasi mudiri Aleksey Starostin va mahalliy OAV vakillari ham ishtirok etdi. 
    Konferensiyada so‘z olgan O‘zbekiston Musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Ibrohim Inomov ajoyib taklif, mehmonnavozlik, a’lo darajadagi muloqotlar hamda sof islom dini targ‘iboti yo‘lidagi amaliy harakatlar uchun O‘zbekiston musulmonlari nomidan Sverdlovsk rahbariyati va Muftiyotiga minatdorlik bildirdi. 
    O‘z navbatida muftiy Abdul-Quddus Asharin tashrif uchun O‘zbekiston hukumatiga va O‘zbekiston musulmonlar idorasiga rahmat aytib, turli ekstremistik va teroristik oqimlarga, ayniqsa IShIDga qarshi kurashishda O‘zbekiston hukumati va O‘zbekiston Musulmonlari idorasining olib borayotgan amaliy sa’i-harakatlaridan andoza olish zarurligini e’tirof etdi. Shuningdek, kelgusida aloqalarning yana mustahkamlanishi va rivojlanishidan umidvor ekanini bildirdi. Tadbir davomida imom-xatiblarimiz mahalliy jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob berishdi. 
Kunning ikkinchi yarmida o‘zbekistonlik imom-xatiblar delegatsiyasi Sverdlovsk oliy majlisi raisi o‘rinbosari Anatoliy Petrovich bilan uchrashdi. 
    Shundan so‘ng muftiy Abdul-Quddus Asharin O‘zbekiston Musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlariga Minnatdorlik shahodatnomasini taqdim etdi. Shuningdek, “Smuta IGIL” kitobi uchun O‘zbekiston Musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosariga va dinlararo bag‘rikenglik aloqalarini rivojlantirish yo‘lidagi xizmatlari uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlar buyicha qo‘mita raisi Ortiqbek Yusupovga atalgan Minnatdorlik shahodatnomalari ham topshirildi. 
     Sverdlovsk cafaridagi tadbirlarda faol ishtirok etgan O‘zbekiston delegatsiyasi imom-xatiblari Islom dini rivoji yo‘lidagi xizmatlari va radikal oqimlarga qarshi kurashish borasida olib borayotgan mehnatlari uchun maxsus orden (Yarim oy) bilan mukofotlandi va ularga ham Minnatdorlik shahodatnomasi taqdim qilindi. 
     O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari, delegatsiya rahbari Ibrohim Inomov o‘z so‘zida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi va O‘zbekiston nomidan minnatdorlik bildirib, hurmat ramzi sifatida Sverdlovsk muftiysi Abdul- Quddus Asharinga milliy chopon kiydirdi.

 

Shayx Zayniddin jome masjidi matbuot xizmati